Aholi xonadonlarida qish mavsumida naslli qo‘y va echkilarni parvarishlash

Aholi xonadonlarida qish mavsumida naslli qo‘y va echkilarni parvarishlash

Qo‘y va echkilar yaylov hayvoni hisoblanadi. Ularning ozuqa hazm qilish tizimi boshqa qishloq xo‘jalik hayvonlarinikidan keskin farq qiladi. Qo‘ylar va echkilar ozuqaga kam talabchan bo‘ladi va ozuqa tanlamaydi. Qo‘y va echkilar uchun qish faslida quyidagi ozuqalar ishlatiladi: har xil o‘tlar pichani, silos, ildiz mevali ekinlar hamda sanoatdan olinadigan omixta yemlar, zavod chiqindilari, antibiotiklar va vitaminlar. Qo‘y va echkilarni oziqlantirishda ularning tirik vazni, yoshi, jinsi, mahsulot berishi, yo‘nalishi, fiziologik holati, hamda yilning mavsumi inobatga olinib maxsus me’yorlar belgilanishi lozim. 

Naslli qo‘chqor va takalarni qochirish mavsumida oziqlantirishga juda katta e’tibor berish muhimdir. Ularga kuniga o‘rtacha 2,0 kg har xil o‘tlar pichani, 0,9 kg omixta yem, 0,3 kg paxta shroti, 1,0 kg sabzi va 2 dona tovuq tuxumi berish tavsiya etiladi. Naslli bo‘g‘oz sovliqlarni homiladorligining so‘nggi 1,5-2,0 oyligi bu homilaning ona qornida eng tez yetiladigan, qo‘zi tug‘ilgandagi tirik vaznining 70 foizini ta’minlaydigan davrdir. Yaxshi ozuqa egiz tug‘adigan sovliqlar uchun muhimdir. Homiladorlikning so‘nggi davrda 50-60 kg tirik vaznli ona qo‘yga bir kunda 1,0 kg sifatli pichan va 1 kg aralash ozuqalar beriladi. Sovliqlar tuqqandan keyin esa 3 kg har xil o‘tlar pichani, 0,4 kg arpa yormasi, 0,4 kg makkajo‘xori yormasi va 0,15 kg osh tuzi beriladi. 
Qo‘y va echkilarni salomatligini asrashda kasallik qo‘zg‘atadigan illat go‘ng va siydik bilan ifloslangan qo‘yxonalarni iloji bo‘lsa tez-tez tozalash kerak. Qo‘yxona devorlarini, pol va shiftni ohak bilan dezinfektsiya qilinishi shart. Qo‘y va echkilarni o‘z vaqtida kasalliklarni oldini olish uchun emlab turish lozim.

 

Maqola muallifi
Shayusupov Bobir Baxodirovich
Qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Fermerlar maktabi Toshkent hududiy markazi
“Chorvachilik” moduli amaliyot o‘qituvchisi
(Maqolani yuklab olish)


30.12.2022 | 3373