Asalari zahari, uning tarkibi va qo’llanilishi

Asalarilardan qimmatbaho asal bilan bilan birgalikda yana o’nlab maxsulotlar olinadi. Bulardan biri-asalari zaharidir. Asalari zahari sanoat, kosmetika, farmosevtika sohalarida keng qo’llaniladi. Quyidagi maqolada asalari zahari, uning tarkibi, sohalarda qo’llanilishi haqida turli, qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Yana ushbu maqoloada asalari zaharidan foydalanishda nimalarga e’tibor berish kerakli va apiterapiya haqida ham ma’lumotlar mavjud.
Kalit so’zlar: apitoksin, biologik faol moddalar, ishchi ari, apitrit, apifor, apizartron.
Kirish
Asalari zahari, apitoksin (lot. apis-asalari, yun. toxikon-zahar)-ishchi asalarilar tanasidagi ipsimon bezlari ajratadigan o‘tkir hidli achchiq, och sariq, shaffof suyuqlik. Asalari zaxari tiniq, o’ziga xos asal xidiga ega bo’lib,tarkibida chumoli, xlorid, ortofosfat kislotalari, magniy fosfat,oqsil moddalar, xolin, gistamin, triptofan, uchuvchi efir moylari, fermentlar mavjud. Asalari zahari tarkibidagi ta’sir qiluvchi moddalar gistamin glikozidi, lipidlar, hayvonot saponinlariga yaqin turadigan moddalardan iborat. Suvda tez, chumoli kislotada va 60°li spirtda sekin eriydi. Asalari chaqqanda 0,2—0,3 mg zahar ajratadi.
Adabiyotlar taxlili va metodologiya. Azal-azaldan asalari zahri tabobatda eng kerakli davo choralaridan biri hisoblangan. Qadimgi Yunoniston, Arabiston va Misr hamda Osiyo halqlarida asalarini chaqtirish paytida odam noxushlik, og‘riq sezsa ham, a’zolardagi qon aylanish tezlashishi sezilgan. Shu-shu tabiblar bu usuldan yuzab kasalliklarni davolashda foydalana boshlashgan. Davolash malakali shifokor-fizioterapevt yoki ushbu amaliyot uchun ruxsatnomasi bo‘lgan tabib nazoratida amalga oshiriladi. Aynan u kasallikning turi, bemorning holati, yoshiga qarab, davolash usuli, miqdorini belgilaydi. Masalan, qon tomir xastaliklari, ayniqsa, xafaqon (qon bosimining oshishi)da asalari qo‘l-oyoq terisiga qo‘yiladi. Ushbu usul yordamida belangi, osteoxondrozni ham davolash mumkin. Chunki asalari zahri ichida suyak
tizimini mustahkamlovchi moddalar juda ko‘p. Nevroz, depressiya, yurak-qon tomir buzilishlarida ham ari chaqtirishga murojaat etish mumkin. Immuniyet tushganda, ortiqcha vaznda, podagra kasalligida, keksalardagi tarqoq skleroz, xotira pasayishida ham qo‘l keladi.Asalari chaqqan joyda qattiq og‘riq va shish paydo bo‘ladi. Asalari chaqqan joyga darhol validol eritmasi yoki sarimsoq kesib surtilsa, og‘riq qoladi, shish paydo bo‘lmaydi. Asalari zaharidan tibbiyotda radikulit va bod kasalliklarini davolashda foydalaniladi. Bunda organizm bevosita asalarilarga chaktiriladi yoki tarkibida Asalari zahari bo‘lgan dorilar qo‘llaniladi. Bu preparatlardan bronxial astma, gipertoniya kasalliklarini davolashda ham foydalanish mumkin. Bod va radikulitni davolashda tarkibida Asalari zahari bo‘lgan virapin (1 g virapinda 0,15 mg Asalari zahari bo‘ladi) surtma holida qo‘llaniladi. Tarkibida Asalari zahari bor dorilardan qon tomirlarini kengaytirish va moddalar almashinuvini yaxshilashda foydalaniladi.
Muhokama. Ishchi asalarilarning sekretor bezlarining maxsuloti, tiniq, biroz sariqroq, nordon va tilni kuydiruvchi ta’mga, o’ziga xos keskin, xushbo’y xidga ega maxsulot. Zichligi 1,1313 g/ml, suvli eritmasi pH ko’rsatkichi 4,5-5,5. Zaxar 40% gacha quruq moddaga ega va havoda juda tez quriydi, biroq uning zaxarlilik xususiyati ancha uzoq vaqt saqlanib qoladi. Maxsulotni tayyorlash. Ishchi arilarning zaxarli bezi tanasining uchida joylashgan. Yupqa qog’ozga yoki yupqa xayvon terisiga g’azablangan ari zaxarini yuboradi. Ishchi arining nayzasidan zaxar tomchi xolida ajralib chiqadi.Bir dona aridan 0,085 mg zaxar olish mumkin. Asalarilarning zaxari qancha bo’lishi miqdori yil fasliga va ovqatiga bog’liq[1], baxor va yoz oylarida zaxar moddasi ko’p ishlab chiqariladi, agar ari ovqatida uglevodlar ko’p bo’lsa zaxar oz miqdorda, oqsil moddasi ko’p bo’lsa zaxar miqdori xam ko’proq bo’ladi.
Natija. Asalari zaxarining suvdagi va moylardagi eritmalaridan surtma dorilar tayyorlanadi. Ular bod (revmatizm) poliartrit, nerv sistemasi, astma, migren, chipqon (frunkul), gipertoniya kasalliklarini davolashda ishlatiladi. Birinchi chaqtirish bel sohasiga amalga oshirilib, atigi 5 soniya asalari tanaga qo‘yiladi. Har kuni chaqtirish muddati 5 soniyadan uzaytirilib boriladi.
Bunda birinchi kuni bitta asalarini qo‘yib, har kuni ularning sonini bittaga ko‘paytiriladi. Hammasi bo‘lib tanaga 10-15 tagacha asalari qo‘yib chaqtirish mumkin. Agar bemor chaqtirishni ko‘tarolmasa, muolaja kunora amalga oshiriladi[2].
Asalari zahri bilan davolashda bir kunda 4-6 tagacha asalarini chaqtirish mumkin. Bunda davolash muddati o‘nta muolajani o‘z ichiga oladi. Ilk oltita muolajadan keyin, chaqtirish uchtagacha kamaytiriladi. Agar bemorda surunkali kasalliklar kuzatilayotgan bo‘lsa, chaqtirish usuli 45 kun davomida uzluksiz davom ettirilib, orada 2 oy tanaffus qilinadi. Erkaklardagi jinsiy zaiflikni davolashda asalari chaqtirish chov orasi va tizza ostiga bajariladi.
Xulosa
Odamni ari chaqqanida teri ostiga zahri bilan birga nishi ham tushadi. Aynan shu zahar tufayli qizish, achishish va boshqa noxush belgilarni sezamiz. Asalari zahri tarkibida gistamin moddasi bor. Uni esa allergiyaga moyil odamlar ko‘tarolmaydi. Chunki allergiklarning qonida ushbu moddaning miqdori tabiatan yuqori bo‘ladi. Natijada, odamning yuzi shishib ketadi, vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, anafilaktik shok holati yuz berishi mumkin. Ayniqsa, qandli diabet bilan og‘rigan, homilador ayollar, isitma, o‘sma kasalligi bor bemorlar, oshqozon osti bezi, yurak kasalliklari qo‘zg‘agan paytda, buyrakdagi toshda davolashning bu turi tavsiya qilinmaydi. Gormonal dori qabul qiladigan, klimaks yoshidagi ayollar ushbu muolajani ko‘p qo‘llamasliklari shart. Asalari chaqtirish usuli ayollarda osteoporoz kasalligini kuchaytirishi mumkin. Bemor jismonan harakatchan bo‘lishi, ya’ni har kuni badantarbiya bilan shug‘ullanishi, ochiq havoda sayr qilishi, asosan sutli-sabzavotli ovqatlar iste’mol qilishi va kamroq go‘sht yeyishi tavsiya etiladi. Davolanish paytida spirtli ichimliklar ichish, tamaki chekish mumkin emas. Ayniqsa, davolanish paytida gimnastika, uqalash muolajalari bilan shug‘ullangan odamlar tez tuzaladi. Umurtqa kasalliklari, osteoxondroz, belangi va nevralgiyalarni davolashda asalari suti, mumini qabul qilish ham yaxshi natija beradi. Dorivor preparatlari. Apitrit-krem, apifor-tabletka, Apizartron-eritma xolda ampulalarda va krem xolida chiqariladi.
Maqola muallifi
Ahmadillo Soyibjonov
Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti
“Xonadon va tomorqalarda parrandachilik hamda
chorvachilik texnologiyasi” kafedrasi asisstenti
16.09.2024 | 1556