Bog’lar va tokzorlarda kuz-qish mavsumida bajariladigan agrotexnik tadbirlar

Bog’lar va tokzorlarda kuz-qish mavsumida bajariladigan agrotexnik tadbirlar

Bugungi kunda yer yuzida iqlimning keskin о‘zgarishi, boshqa sohalar kabi qishloq xо‘jaligiga ham о‘z ta’sirini о‘tkazmoqda. Havoning animal isib ketishi yoki keskin sovib ketishi natijasida bir qancha bog‘- tokzorlarga salbiy ta’sir kо‘rsatganligi bizga ma’lum. Ushbu holatlarni inobatga olgan holda har bir mavsumda bog‘-tokzorlarda о‘z vaqtida mavsumiy, ma’lum bir agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish talab etilmoqda. Hozirda yurtimizda kuz mavsumi. 

Kuz oylarida bog‘-tokzorlarda kelgusi yilda sifatli va mо‘l-kо‘l hosil olish uchun quyidagi tadbirlarni amalga oshirish zarur hisoblanadi.
➢ Bog‘-tokzorlardagi tо‘kilgan barglarni yig‘ib olish va daladan tashqariga chiqarib tashlash;
➢ Bog‘ va tokzorlarning atrofini 25-30 sm chuqurlikda ag‘darish;
➢ Mevali daraxtlarning kasallangan novdalarini kesib tashlash;
➢ Qurib qolgan, singan novdalarni qirqib olib tashlash;
➢ Bog‘ qator oralarini shudgorlash ishlarini amalga oshirish;
➢ Ob-havo sharoitiga qarab, yog‘ingarchilik bо‘lmagan kunlarida daraxtlarning barglari 70-80 % tо‘kilgan bog‘larni monilioz, parsha va boshqa kasalliklarga qarshi Fitalovin+Farmoyed (10 l suvga 20 g + 5 g) yoki karbomidning 6 yoki bordo suyuqligining 3 foizli eritmasi bilan jiqqa hо‘l qilib yuvish;
➢ Noyabr-dekabr oylarida daraxtlarga yahob suvi berish.

Ushbu agrotexnik tadbirlarni о‘z vaqtida amalga oshirish natijasida bog‘- tokzorlarni qishki mavsumga tayyorgarligi ta’minlanadi va kelgusi yilda sifatli mо‘l hosil olishga erishiladi.
Shu bilan bir qatorda bog‘larda, mevali daraxtlarni birinchi galda о‘rik, shaftoli, olxо‘ri, gilos, yirik mevali olcha daraxtlarining tana va ona shoxlarini oqlash talab etiladi. Bunda 10 l suvga 2 kg tuproq, 1,5 kg ohak hamda mol shatmog‘i qо‘shib aralashma tayyorlanib oqlansa, oqlangan joy tez yuvilib ketmasligini tajribali fermerlarimiz juda yaxshi bilishadi.
Shuningdek, olimlarning ta’kidlashicha bog‘larni shudgorlashdan oldin hosilli bog‘larga har 2-3 yilda bir marotaba gektariga 20-40 tonna organik о‘g‘it (gо‘ng), yiliga mineral о‘g‘itlardan sof holda fosfor 150-180 kg, kaliy 50-60 kg solinib, bog‘lar 35-40 sm, tokzor qator oralari esa 25-35 sm chuqurlikda shudgorlash talab etiladi. Shunda bog‘ va tokzorlardan yuqori sifatli hosil olish imkoni mavjud bо‘ladi. Bо‘z tuproqlardagi bog‘ va tokzorlarga har yili sof holda 60-90 kg fosfor va 60 kg kaliy solinishini maqsadga muvofiq bо‘lib, bu orqali bog‘ va tokzorlarning hosildorligi hamda turli kasalliklarga va sovuqqa chidamliligini oshirish mumkin bо‘ladi.
Bundan tashqari, tok novdalarini kesishda eng avvalo kasalliklar bilan zararlangan novda va zanglar qirqib olinib, tok plantatsiyasidan tashqariga olib chiqilib yoqib yuborish talab etiladi. Kesilgan tok tuplari qо‘ndoqlanib yotqizilgach, kо‘mishdan oldin oidium (kul), antraknoz va rak kasalliklariga qarshi 3 foizli bordo suyuqligi yoki 5 foizli ohak-oltingugurt qaynatmasi bilan yoki mis kuporosining 1 foizli yoki temir kuporosining 3 foizli eritmasi bilan ishlov berilishi (purkash) zarur bо‘ladi. Toklar tо‘liq kо‘milgandan sо‘ng qator oralariga mineral о‘g‘itlardan sof holda fosfor 90-120 kg, kaliy 40-45 kg hamda 10-15 tonna mahalliy о‘g‘it solinib, tuproq 25-30 sm chuqurlikda shudgorlash amalga oshiriladi. Shu bilan birga qator oralarini sug‘orish ham ijobiy natija beradi.

 

Maqola muallifi
Nortojiyev Bobosher
Toshkent davlat agrar universiteti
“Meva-sabzavotchilik va uzumchilik” kafedrasi katta o’qituvchisi

(Maqolani yuklab olish)


24.11.2022 | 3162