Bog‘lardagi kuzgi-qishki agrotexnik tadbirlar

Bog‘lardagi kuzgi-qishki agrotexnik tadbirlar

Bog‘ qator oralari 25-30 sm chuqurliqda haydaladi. Haydashdan oldin gektariga 5-10 tonna mahalliy o‘g‘it solinadi. Yangi bog‘ va tokzorlar barpo etish maqsadida ajratilgan yerlarga 30-40 tonna mahalliy o‘g‘it hamda 300-400 kg fosfor va kaliyli o‘g‘itlar ham solishi zarur. Qishki sug‘orish dekabrda bir gektariga 1500-2000 m3 suv sarflab, 4-5 kun davomida sug‘oriladi. Bog‘ va tokzorlar atrofidagi kollektor va zovurlar tozalanadi. Ob-havo issiq kunlari katta yoshdagi mevali daraxtlarga shakl berib butash ishlarini boshlasa ham bo‘ladi. Birinchi galda katta yoshdagi olma, nok, urug‘li mevali daraxtlar butaladi.
Shakl berish, butash va qirqish ishlari daraxtlar tinim davrida – xazonrezgi oxiridan to o‘suv davri boshlanguncha – kurtak yozgunga qadar o‘tkaziladi, sovuq tushguday bo‘lsa (-5…-10°C haroratda) bu ishlar to‘xtatiladi.
Sovuqqa chidamsiz bo‘lgan danakli mevalar: o‘rik, gilos, shaftoli, olxo‘ri, olcha, tog‘ olcha va subtropik o‘simliklardan xurmo daraxtlari bahorga yaqin, fevralning ikkinchi yarmi – mart oyi boshidan shakl berish, butash ishlari olib boriladi.
Kuzgi-qishki mavsumda barcha meva daraxtlari birinchi galda shaftoli, olxo‘ri, o‘rik, gilos daraxtlarining tana va ona shoxlari oqlanishi zarur. Bunda 10 l suvga 2 kg tuproq, 1,5 kg ohak eritilib qalin qilib oqlanadi. Mol shatmog‘i qo‘shilsa tez yuvilib ketmaydi..

Havo ochiq va iliq kunlarda bog‘larni zararkunanda va kasalliklar zaxiralariga qarshi ishlovlar noyabr oyi uchun ko‘rsatilgan tavsiyalar asosida bajariladi. Bog‘larni dorilashda oxirgi yillari keng tarqalgan monilioz, klasterosporioz, parsha, daraxt tanalarini shikastlaydigan rak kasalliklariga jiddiy e’tibor beriladi. Bunda bordo suyuqligining 3-4% li suspenziya holida daraxtlarni jiqqa xo‘l bo‘lish sharti bilan purkaladi. Bordo suyuqligining o‘rniga mis kuporosini 1% li yoki temir kuporosini 3% li qilib sepsa ham bo‘ladi. Ma’lumki kasallik yuqumlari to‘kilgan barglarda saqlanadi. Shuning uchun barcha bog‘larda daraxt atrofidagi tuproq ag‘darilib chopiladi va shu yo‘l bilan to‘kilgan barglar yo‘qotiladi.

 

Maqola muallifi
Ixtiyor Namozov
Qishloq xo‘jaligi fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD), dotsent
Fermerlar maktabi Toshkent hududiy markazi
“Bog‘dorchilik” moduli o‘qituvchisi
(Maqolani yuklab olish)


27.12.2022 | 4381