Issiqxonalarda pomidor yetishtirish

Issiqxonalarda pomidor yetishtirish

Yetilgan pomidor o‘simligining poyasi bir nechta shoxlardan iborat bo‘ladi. Ushbu shoxlarda barglar va gul g‘unchalari bo‘ladi. Poya novdasining yuqori qismi 6-12 ta barglardan so‘ng gul g‘unchalari bilan yakunlanadi.
Har bir novdasida 3-5 tadan barg va o‘suvchi bo‘g‘imlarga ega bo‘lgan navlar balandlikka qarab doimiy o‘sib borish xususiyatiga ega bo‘lib, ular indenterminantlar deb ataladi. Mazkur navlarda dastlabki gul g‘unchalari 9-12 barglar ustida shakllanadi, keyingilari esa 2-3 ta barglardan so‘ng paydo bo‘ladi. Agar yon novdalarda o‘sib chiquvchi bo‘g‘imlar bo‘lmasa, poyaning o‘zagi o‘sishdan erta to‘xtaydi. Kam shoxlaydigan, o‘sishi cheklangan va gul g‘unchalari 1-2 bargdan keyin yoki ketma-ket joylashadigan navlar determinantlar deb nomlanadi.

O‘sib chiqishdan to birinchi g‘unchalarning gullashigacha 50-60 kun o‘tadi. Indenterminant navlarda yon novdalar olib tashlanganda, 3-4 ta gul g‘unchalari bir vaqtda gullaydi. Determinant navlar birdaniga qiyg‘os gullaydi. Ularda gullashdan hosil pishib yetilishigacha 35-60 kun o‘tadi. Hosil tugunlarining ranggi dastlab yashil, keyin qo‘ng‘irsimon, so‘ng pushti, och qizil va qizil ko‘rinishlarda bo‘ladi. Hosil pishib yetilishining ikki, ya’ni biologik va texnik bosqichlari farq qiladi. Biologik bosqich hosil tugunchalari paydo bo‘lgandan so‘ng 40-45 kundan keyin boshlanadi. Bunda hosilnig urug‘i o‘ziga xos bo‘lgan o‘lchamlar va ko‘rinishni egallaydi, hosil donalari esa o‘zining maksimal o‘lchamlariga yetishadi, lekin yashil rangda bo‘ladi. Hosil rangining 5-15 kun ichida o‘zgarib, qizil tusga kirishi, uning texnik jihatdan pishganligi va iste’molga tayyorligidan darak beradi. O‘simlikning yashil tusdagi hosilini yig‘ib olish va uni uzoq masofalarga tashish davomida pishib yetilishini nazarda tutish amaliyoti aynan mana shu muddatlarga asoslanadi.
Issiqxonalarning o‘ziga xos xususiyatlari kech kuzgi va qishki mavsumlarda yoritilganlikning kamayishi, havo nisbiy namligining yuqoriligi, bahorning oxiri va yoz oylarida o‘ta isib ketishi, kasalliklar va zararkunandalarning tez ko‘payishi va rivojlanishi, bir marta navbatlab ekish davomida tashqi muhit sharoitidagi o‘zgarishlarning kattaligi va boshqalarda aks etadi. Shu tufayli issiqxonalarga ekiladigan pomidorlarning navlari va duragaylari sanab o‘tilgan sharoitlarga yaxshi moslashgan bo‘lishi lozim.
Uzoq muddatli navbatlab ekishda indenterminant navlar va duragaylardan foydalanish yaxshi natija beradi. Chunki ularning har bir tupi 20-25 ta gul g‘unchalari hosil qiladi. Bahorgi isitilmaydigan va tez hosil beradigan issiqxonalarda determinant navlar va duragaylarlardan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Ularning super determinant navlari ham mavjud bo‘lib, asosiy poyasida 6-7 ta bargdan so‘ng 2-3 ta dastlabki gul g‘unchalari, keyingilari esa 1-2 ta bargdan so‘ng yoki ustma-ust joylashgan bo‘ladi. Asl determinant navlarda esa 8-9 ta bargdan so‘ng 4-6 ta dastlabki gul g‘unchalari, keyingilari esa 1-2 ta bargdan so‘ng joylashadi. Pomidorlarning yarim determinant navlarida dastlabki 7-8 ta gul g‘unchalari, keyingilari esa 2-3 ta bargdan so‘ng paydo bo‘ladi.
Pomidorlarning indenterminant navlari uzluksiz va cheklanmagan o‘sishda bo‘ladi. Ularning gullash va hosil tugish jarayonlari vegetatsiya davrida to‘la davom etadi. Determinant navlar esa ancha tezpishar bo‘lib, birdaniga to‘kin hosil beradi. Ular noqulay sharoitlar va kasalliklarga ancha bardoshlidir. Mazkur navlarning kamchiligi hosil va hosil tugunlarining bir tekisda, ketma-ket shakllanmasligida aks etadi. Shuning uchun issiqxonalarda asosan indenterminant hamda yarim determinant navlar va gibridlar etishtiriladi.

 

Dafnis F1 

Jalila F1

 


Maqola muallifi
Abdiyev Zafarali
Fermerlar maktabi Toshkent hududiy markazi
“Issiqxona xo’jaligi” moduli o’qituvchisi
(Maqolani yuklab olish)


02.12.2022 | 3270