O‘zbekiston janubida indau (eruca sativa mill.) Ning urug‘chilik texnologiyasi

O‘zbekiston janubida indau (eruca sativa mill.) Ning urug‘chilik texnologiyasi

Yangi sabzavot ekini indauni introduksiya qilish jarayonida uning urug‘chiligini o‘rganish, uning eng maqbul ekish muddati va ekish sxemasini ishlab chiqishni o‘z oldimizga vazifa qilib qo‘ydik. Indauni introduksiya qilish jarayonida uning maqbul ekish sxemasi va muddatlari aniqlandi (Aramov M., Muqimov B., Tursoatova Q., 2023; Aramov M., Muqimov B., Aliev B., 2023). Indau sovuqqa chidamli ekin ekanligini hisobga olib uni kuzgi muddatlarda ekib urug‘chiligini o‘rganish ham ilmiy, ham amaliy katta qiziqish uyg‘otadi. Mazkur maqolada eng yaxshi natijalar bergan kuzgi muddat ma’lumotlari keltirilgan.

Tadqiqotlar ob’ekti va uslubi. Kuzgi ekish muddatlarida indau urug‘lik o‘simliklarining maqbul ekish sxemasi va muddatlarini aniqlash uchun indau ekinining urug‘lik o‘simliklari quyidagi ekish sxemalarida: 70x20; 70x25; 70x30; 70x35 sm. va muddatlarda: 10.09; 20.09; 30.09; 10.10 ekib o‘rganildi.

urug‘lik o‘simlik balandligi, bitta o‘simlikdagi novdalar, qo‘zoqlar soni, bitta o‘simlikning urug‘ mahsuldorligi, urug‘larning unuvchanlik xususiyatlari aniqlandi.

Tadqiqotlar natijasi..  Indauni sovuqqa chidamliligini hisobga olib uni to‘rt muddatda: 10.09; 20.09; 30.09; 10.10 va to‘rtta ekish sxemasida: 70x20; 70x25; 70x30; 70x30 sm ekib o‘rganildi

Ekish muddatlari va sxemalari indau o‘simligining morfobiologik va xo‘jalik muhim belgilarining namoyon bo‘lishiga sezilarli darajada ta’sir etdi ( jadval). Urug‘lar 10 sentabrda ekilganda ekish sxemasidan qat’iy nazar o‘simlik balandligi uch yillik o‘rtacha ma’lumotlarga qaraganda deyarli bir xil bo‘ldi va 179-180 sm ni tashkil etdi. O‘simlikdagi novdalar soni oziqlanish maydoni kengaygan sayin ko‘payib bordi. Xususan, 70x20 sm sxemada ekilganda bitta o‘simlikdagi  novdalar 

soni o‘rtacha 17 dona bo‘lgan bo‘lsa, 70x25 sm sxemada 19 dona, 70x30 sm sxemada 21 dona, 70x35 sm sxemada 20 dona bo‘ldi. Bu pirovardida qo‘zoqlar sonining ko‘payishiga va urug‘ mahsuldorligining oshishiga olib keldi. Xuddi novdalar soni singari qo‘zoqlar soni ham oziqlanish maydoni kengaygan sayin oshib bordi.  Eng kam oziqlanish maydonida, ya’ni 70x20 sm ekish sxemasida bitta o‘simlik urug‘ mahsuldorligi 77 g ni tashkil etdi. 70x25 sm sxemada ushbu ko‘rsatkich 79 g ni, 70x30 sm sxemada 91 g ni, 70x35 sxemada esa 84 g ni tashkil etdi.

Urug‘lar 20 sentabrda ekilganda oziqlanish maydoni kengaygan sayin o‘simlik balandligi biroz pasayishi kuzatildi .

Eng muhim belgilardan biri bitta o‘simlikning urug‘ mahsuldorligi ham ekish sxemalariga qarab turlicha bo‘ldi. Oziqlanish maydoni kengaygan sayin o‘simlikning urug‘ mahsuldorligi ham oshib bordi. 70x20 sxemada ekilgan o‘simliklarning urug‘ mahsuldorligi 63 g ni, 70x25 sm sxemada- 68 g ni, 70x30 sm sxemada – 74 g ni va 70x35 sm sxemada 73 g ni tashkil etdi.

 Eng yuqori urug‘ hosildorligi 70x20 sm sxemada va 10 sentabrda ekilgan variantda olindi. Ushbu muddat va sxemada 1 m2 maydondan 550 g urug‘ hosili olindi, bu gektar hisobiga 5,5 t/ga ni tashkil etdi. Shunga yaqin hosildorlik 70x20 sm sxemada va 20 sentabrda ekilganda (4,5 t/ga) va 70x25 sm sxemada 10 sentabrda ekilganda (4,5 t/ga) olindi. Bu ko‘rsatkichlar O‘zbekiston janubida indau o‘simligining urug‘ hosildorligi juda yuqori ekanligini ko‘rsatdi.

Shunday qilib urug‘lik o‘simliklarni kuzgi 10 sentabrda va 70x20, 70x25 sm sxemalarda ekilganda eng yuqori urug‘ hosildorligi olindi va urug‘ hosildorligi 4,5-5,5 t/ga ni tashkil etdi.

Maqola muallifi
Aramov Muzaffar
Fermerlar maktabi Termiz hududiy markazi

“Sabzavotchilik va polizchilik moduli o'qituvchisi” moduli o‘qituvchisi

(Maqolani yuklab olish)


05.01.2024 | 1014