Parrandalarni parvarishlash bo‘yicha tavsiyalar

Parrandalarni parvarishlash bo‘yicha tavsiyalar

Bugungi kunda parrandachilik jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Yangi-yangi parrandachilik xo‘jaliklari va korxonalarining tashkil topishi, aholi xonadonlarida 50-100 va undan ortiq miqdorda parrandalarning asralishi natijasida iste’mol bozorida parrandachilik mahsulotlarining narx-navosining barqaror saqlanib turishi buning dalilidir. Darhaqiqat Parrandachilik yetti xazinaning biridir.
Davlat veterinariya xizmati tomonidan parrandalarni parvarishlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilib aholi xonadonlariga yetkazilmoqda.
Avvalo bahor boshlanishi bilan inkubatoriya va parrandachilik xo‘jaliklaridan saralangan jo‘jalar olinadi. Chunki parrandalar qish mavsumiga qadar tez rivojlanadi va tuxum bera boshlaydi.
Buning uchun veterinariya talablariga javob beradigan, barcha shart – sharoitlarga ega bo‘lgan jo‘jalarni saqlash joyi tayyorlanadi. Ayrim hollarda joy tayyorlanmasdan keltirilgan jo‘jalar dastlabki kunlardanoq nobud bo‘la boshlaydi.
Bunday holat sodir bo‘lmasligi uchun keng va yorug‘ xonalar tanlanadi.  Binodagi barcha moslama va inventarlar tashqariga chiqarilib, xonalar aerozol usulida dezinfektsiya qilinadi.

Tayyorlangan xona jo‘jalar keltirilishidan 2 kun oldin 32 daraja qizdiriladi.

Binoning harorati:
birinchi haftada 32-27 °C;
ikkinchi haftada 26-24 °C;
uchinchi haftada 24-22 °C;
to‘rtinchi haftada 22-20 °C;
beshinchi haftalarda 18-16 °C daraja issiq bo‘lishi kerak.

Polsiz binolarda qalin qatlamli to‘shama ustida ham jo‘ja o‘stirish mumkin. Buning uchun maydalangan somon va yog‘och qirindisidan foydalansa bo‘ladi. Bunda, avvalo yerga so‘ndirilgan ohak sepilib, 15-20 sm qalinlikda to‘shama solinadi. Keyin uning har bir kvadrat metriga 16-20 tadan jo‘ja joylashtiriladi.

Jo‘jalarning sog‘lom va jadal rivojlanishi hamda tovuqlarning umahsuldorligini oshirish binodagi yorug‘likning yetarli miqdorda bo‘lishiga ham bog‘liqdir.
Buning uchun jo‘ja boqiladigan xonalarning har bir kvadrat metri 3 vatt, katta tovuqlarniki esa 5 vatt elektr nuri bilan yoritilishi zarur.
Elektr chiroqlari pol sathidan 1,7-1,8 metr balanlikda bo‘lishi lozim.

Binoni yoritish rejimi:
1-2 sutkalarda 24 soatdan;
3-10 sutkalarda 16 soatdan;
11-20 sutkalarda 12 soatdan;
keyingi 10 kunda va 180 kungacha 8 soatdan yoritilishi kerak.

Parrandaxonalarda havo almashinuvini doimiy nazoratda saqlash zarur. Jo‘jalar o‘sish davrida suvga juda talabchan bo‘ladi. Ular sutka davomida iste’mol qilgan quruq ozuqaga nisbatan ikki barobar ko‘p suv ichadi.
Shuning uchun uy haroratidagi toza suv maxsus idishlarda vaqti- vaqti bilan to‘ldirilib turiladi. Bunda yosh jo‘jalarning erkin donlashi va suv ichishi uchun sharoit yaratilishi lozim.
Odatda jo‘ja tuxumdan chiqqach 15 soat o‘tgandan keyin oziqlanib boshlaydi.
Dastlab ularga qotirib qaynatilgan tuxum yoki suzma, qatiq (ratsionning 10 % miqdorida), makkajo‘xori yoki bug‘doy yormasi aralashtirib berilishi kerak. Dastlabki kunlarda don o‘rniga omixta em bo‘lsa yanada yaxshi. Ba’zi hollarda oxurchalarga elangan ozuqalar kukuni solib qo‘yish ham tavsiya qilinadi.
Ikkinchi kundan boshlab yuqori kontsentratli ozuqalar, tabiiy, vitaminga boy bo‘lgan ko‘k massa, sabzavot va tvorog kabilar berib boshlanadi. Shuningdek, baliq yog‘i, baliq uni, soya yog‘i va kunjarasi, o‘simlik yog‘i, vitaminlar berib boriladi.
Parranda boqiladigan joy toza bo‘lishi, vaqti-vaqti bilan parrandaxona to‘liq tozalanib 3% li suvdagi o‘yuvchi natriy va bit, kanalarga qarshi preparatlar bilan ishlov berilib turilishi lozim.
Parrandalarni sog‘lom o‘stirish maqsadida yuqumli, parazitar va gelmintoz kasalliklarga qarshi profilaktik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazib turilishi shart.

Parrandalar uchun o‘tkaziladigan veterinariya tadbirlari

 

Maqola muallifi
Azamat Esanov
Qishloq xo‘jalik fanlari falsafa doktori (PhD)
Fermerlar maktabi O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari
“Parrandachilik” moduli o‘qituvchisi
(Maqolani yuklab olish)


31.01.2023 | 3675