Pestitsidlarning bir-biriga mosligi va o‘simliklarni himoya qilishda pestitsidlar aralashmalaridan foydalanish
O‘simliklarni kasalliklar, zararkunanda hasharotlar, kanalar, nematodalar hamda begona o‘tlardan himoya qilishda kimyoviy kurash usuli hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib qolmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda jahon bo‘yicha pestitsidlar ishlab chiqarish 4,16 mln tonnani tashkil etib, bu miqdorning 2,22 mln tonnasi gerbitsidlarga, 0,7 mln tonnasi fungitsid va bakteritsidlarga hamda 0,97 mln tonnasi insektitsidlarga to‘g‘ri kelar ekan (FAO statistics, 2019).
Yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlariga agrokimyoviy moddalarni qo‘llash katta ekspluatatsion xarajatlarga ega bo‘lib, ko‘p hollarda turli pestitsidlarni (gerbitsid + gerbitsid; gerbitsid + fungitsid; gerbitsid + fungitsid + insektitsid; fungitsid + insektitsid; fungitsid + insektoakaritsid; va b.) va pestitsidlar bilan o‘g‘itlarni aralashtirib qo‘llashga to‘g‘ri keladi.
Pestitsidlar aralashmalaridan foydalanish bir qator afzalliklarga ega bo‘lib ularga quyidagilar kiradi:
➢ bir vaqtning o‘zida kasallik qo‘zg‘atuvchilar, zararkunandalar hamda begona o‘tlarga qarshi kurashish imkoniyatini beradi;
➢ ishchi kuchi va yoqilg‘i sarfini tayyorlash uchun suv sarfini kamaytiradi;
➢ ekin yetishtirilayotgan dalaga purkash mashinalarini kirish soni kamayadi, bu esa o‘simliklarni nobud bo‘lishini va tuproqni keskin zichlashishini oldini oladi;
➢ maqsadli obyektga qarshi qo‘llanganda, ularda o‘simliklarni himoya qilish vositalariga nisbatan rezistentlik paydo bo‘lishini sekinlashtiradi;
➢ preparatlarni sotib olish xarajatlari iqtisod qilinadi (sinergizm effekti tufayli gektariga o‘simliklarni himoya qilish vositalarining minimal tavsiya etilgan me’yoridan foydalanish mumkin);
➢ pestitsidlarni qo‘llash sonini kamaytiradi;
➢ o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish bilan birgalikda ularni oziqlantirish (o‘g‘itlar, stimulyatorlar) imkoniyati mavjud bo‘ladi.
Ammo, shuning bilan birga bak aralashmalarini tayyorlash tanlagan komponentlarni oddiy aralashtirish bilan cheklanmasligini esda tutish kerak. Bak aralashmalarini noto‘g‘ri tayyorlash hamda qo‘llash, ishchi eritma tayyorlangan bakda kimyoviy cho‘kmalarni hosil qilishi yoki ikki va undan ortiq komponentlarning bir-biriga munosabati tufayli yetishtirilayotgan ekinga salbiy ta’sir etishi, sizot suvlarni ifloslantirishi, foydali organizmlarni nobud qilishi kabi iqtisodiy va ekologik muammolarni yuzaga keltirish mumkin. Bu holatlar esa pestitsidlar aralashmasini tayyorlashda ularning bir-biriga mosligini tekshirish talabini qo‘yadi (davomi bor).
Maqola muallifi
Albert Xakimov
Qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Toshkent davlat agrar universiteti dotsenti
(Maqolani yuklab olish)
13.12.2022 | 3059