Qishloq xo`jaligi mahsulotlarining sifat va xavfsizlik ko`rsatkichlari xalqaro standartlarga muvofiqligini ta`minlash

Qishloq xo`jaligi mahsulotlarining sifat va xavfsizlik ko`rsatkichlari xalqaro standartlarga muvofiqligini ta`minlash

Bugungi kunda, organik qishloq xo‘jaligi — jahon trendi hisoblanadi. 2019 yilda organik qishloq xo‘jaligi bo‘yicha xalqaro bozorlardagi savdo aylanmasi 96,7 mlrd yevroni tashkil etib, 71,5 mln gektar maydonda 2,8 mln ishlab chiqaruvchi ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullangan.

Ekspertlarning baholashiga ko‘ra, dunyo organik mahsulotlari bozorida so‘nggi 5 yil davomida yiliga o‘rtacha 15 foizdan o‘sishga erishilib, 2022 yilda savdo aylanmasi 212 mlrd AQSh dollari (jahon qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi umumiy hajmining 20 foizi)ni tashkil etishi prognoz qilingan.
Organik qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari instituti (FiBL) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning 103 ta mamlakatida organik qishloq xo‘jaligi to‘g‘risida qonun qabul qilingan bo‘lib, 6 ta mamlakatda qonun ishlab chiqilmoqda.
Organik qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari instituti (FiBL) va Organik qishloq xo‘jaligi harakati bo‘yicha Xalqaro Federatsiyasi (IFOAM)ning Jahon organik qishloq xo‘jaligi statistikasi bo‘yicha 2019 yildagi nashrida O‘zbekiston Respublikasi meva yetishtirish bo‘yicha qulay sharoitga ega bo‘lgan dunyodagi 10 ta davlat qatoriga kiritilgan va respublikamiz organik meva ishlab chiqarish uchun qulay yer maydonlariga ega ekanligi qayd etilgan.

   

Respublikamizdagi «Sunny Fruit Production» MChJ tomonidan 2017 — 2019 yillarda jami 1848 tonna organik mayiz yetishtirilib, Rossiya Federatsiyasi, Fransiya, Germaniya, Niderlandiya, Italiya va Gretsiya mamlakatlariga mayizning an’anaviy turiga nisbatan 14,7 foizga yuqori narxlarda eksport qilingan va 4,1 barobar ko‘proq sof foyda olingan.
Shuningek, 2019 yilda AQSh bozorlarida bir tonna organik paxta xom ashyosi an’anaviy turiga nisbatan 155 dollardan 225 dollargacha yuqori narxlarda baholangan. 
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tarixida ushbu amaliyot o‘z o‘rniga ega, ya’ni asrlar davomida shakllangan an’anaviy sabzavotchilik va bog‘dorchilik madaniyati mahalliy o‘g‘itlardan foydalanishni ko‘zda tutadigan biologik dehqonchilik tamoyillariga asoslangan. Bu genlarni modifikatsiya qilish texnologiyalarini qo‘llamasdan, ozuqaviy qiymati yuqori, o‘ziga xos ta’m va iste’mol xususiyatlariga ega bo‘lgan organik (ekologik toza) meva va sabzavotlarni yetishtirish imkonini beradi.

Shuningdek, ayni vaqtda respublikamizda organik qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun quyidagi qulay sharoitlar mavjud:
➢zaharli moddalar bilan zararlanmagan ekin maydonlari;
➢ tomorqa xo‘jaliklarida yetishtirilgan organik mahsulotlarni eksport qilish natijasida aholi daromadini oshirish imkoniyati;
➢ organik ishlab chiqarish bo‘yicha agroklaster, logistika va kooperatsiya tizimlarini rivojlantirish natijasida aholi bandligini oshirish imkoniyati;
➢ laboratoriyalar, nazorat va sertifikatlashtirish tizimlarini takomillashtirish hisobiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini tahlil qilish imkoniyati;
➢ genetik modifikatsiyalangan organizmlar (GMO)dan holi mintaqalar. 

Agrosanoatni modernizatsiyalash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi tobora ortib boryapti. Aholini yil davomida meva-sabzavotlar bilan uzliksiz ta’minlash maqsadida zamonaviy andozalar asosida issiqxonalar bunyod etish, bog‘lar, tokzorlar maydonini kengaytirish yetishtirilgan hosilni kuz-qish davrida sifatli saqlash imkonini beradigan omborxonalar barpo etish say-harakatlari ham alohida e’tibordaki, bu oziq-ovqat maxsulotlari ta’minotining barqarorligi, boshqacha aytganda, aholi dasturxoni farovonligiga xizmat qilmoqda. Jumladan, mamlakatimiz har yili 16-20 million tonnaga yaqin meva-sabzavot yetishtirilmoqda. Aholi jon boshiga qariyb 300 kg sabzavot, 75 kg kartoshka va 44 kg uzum to‘g‘ri keladi. Bu xalqaro normalarga ko‘ra maqbul deb hisoblanadigan iste’mol me’yoridan uch barobar ko‘pdir.

Qulay sharoit va imkoniyatlar mavjudligiga qaramasdan, respublikamizda organik qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga yetarli e’tibor berilmayotganligi nafaqat atrof-muhitga, insonlar salomatligiga, yuqori sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarishga, balki hududlarning eksport salohiyatini oshirish va geografiyasini kengaytirishga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston Respublikasida organik qishloq xo‘jaligi va organik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish konsepsiyasida quyidagi jihatlarga urg‘u berilgan:

  • organik mahsulotlarni rasmiy kafolatlash va ishlab chiqarish hajmini oshirish, ishlab chiqaruvchilarning xorijiy bozorlarga kirishini yengillashtirish va eksport geografiyasini kengaytirish;
  • qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining investitsiyaviy jozibadorligini yaxshilash va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, qishloq aholisining bandligini oshirish;
  • sog‘lom ovqatlanish imkoniyatini mustahkamlash, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining yuqori sifati hamda xavfsizligini oshirish, atrof-muhitga salbiy ta’sirlarni kamaytirish;
  • tuproq unumdorligini oshirish va degradatsiyasining oldini olish, ekotizimning biologik xilma-xilligini, ekologik barqarorlikni saqlab qolish, «daladan dasturxongacha» texnologik sxemasi bo‘yicha sertifikatlashtirish va nazorat tizimlarini kuchaytirish;
  • ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish va malakali mutaxassislar tayyorlash ishlarini jadallashtirishga qaratilgan. 

Global G.A.P.standarti - yetishtirilgan mahsulotlar xavfsizligini kafolatlovchi tizim hisoblanadi. Global G.A.P standartining boshqa standartlardan asosiy farqi shundaki, ham yetishtirilgan mahsulotlarning xavfsizligi, ham ozuqa, urug’lik va tayyor mahsulotgacha bo’lgan butun ishlab chiqarish siklining xavfsizligi bilan baholanadi.

Global G.A.P. - bu birlamchi mahsulot uchun yagona integratsiyalashgan standart bo’lib, uning alohida modullarini turli xil tovarlar guruhiga, o’simlik mahsulotlarini ishlab chiqarishdan hayvonlarni yetishtirishga nisbatan qo’llash imkoniyati mavjud. Global G.A.P. sertifikatini olganingizdan so’ng, barcha mahsulotlaringiz yuqori sifatli va foydalanish uchun to’liq xavfsiz ekanligini mahsulotingiz iste’molchisiga (ishlab chiqaruvchiga, savdo tarmog’iga) ko’rsatishingiz mumkin.
Hozirgi kunda yurtimizda qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi 260 dan ortiq korxonada Global G.A.P. hamda Organic standartlari asosida sifat tizimi joriy etilgan va ular xalqaro darajada sertifikatlashtirilgan.

 


Maqola muallifi
To’lqin Shamsiddinov
Biologiya fanlari nomzodi
Toshkent davlat agrar universiteti
“Meva-sabzavotchilik va uzumchilik”
fakulteti dekani
(Maqolani yuklab olish)


19.12.2022 | 4631