Qorаmollаrni boʼrdoqilаsh

Qorаmollаrni boʼrdoqilаsh

Respublikamiz aholisini sifatli goʼsht mahsulotlari bilan talab darajasida taʼminlashda qoramollarni zoti, zotdorligi, yoshi, saqlash va parvarishlash sharoiti hamda oziqlantirish texnologiyasi muhim ahamiyat kasb etadi.
Hozirgi kunda goʼsht ishlab chiqarish uchun boʼrdoqilanayotgan yosh chorva mollarini oziqlantirishda xoʼjalikda mavjud oziqalardan tashqari oziq-ovqat sanoati, konserva zavodlari, pivo va vino ishlab chiqarish zavodlari, paxta va yogʼ sanoati chiqindilari hamda oshxona chiqindilari kabi arzon ozuqalardan foydalangan holda yosh qoramollarni 18 oyligidayoq 400-450 kg –ga yetkazish texnologiyasini qoʼllash samarali natijalar beradi. 
Yosh qoramollardan jadal texnologiya asosida goʼsht yetishtirish quyidagi uch davrdan iborat: 4-6 oylik erkak buzoqlar 4 oy davomida parvarish hamda keyingi 4 oy davomida oʼstirish va oxirgi 2-4 oyda jadal boʼrdoqilash davrlarini oʼz ichiga oladi.
Parvarishlash davrida ozuqaning 35 % ni dagʼal, 30 % ni omuxta ozuqalar qolgan 35% % ni shirali ozuqalar tashkil qiladi. Oʼstirish davrida kontsentrat ozuqalar miqdori 39 % ga koʼpaytirish orqali jadallashtiriladi. Oʼrtacha kunlik oʼsish 800 grammni tashkil qiladi. Boʼrdoqilash texnologiyasi boʼyicha 150 kun boʼrdoqilanadi. Boʼrdoqilash davri ham 3 davrga boʼlinadi. 30 kun tayyorlash, 60 kun asosiy va 60 kun yakuniy. Ushbu davrda yosh qoramollar vazni kuniga 900-1000 grammdan oʼsadi.Boʼrdoqilashning 1-davrida oziqlantirish ratsionining toʼyimliligi boʼyicha quruq moddaga nisbatan 38 % ni shirali, 19% ni dagʼal hamda 43 % ni kontsentrat ozuqalar tashkil qiladi. 2 davrdan boshlab mollarning ratsioniga paxta sheluxasi kiritiladi hamda kontsentrat ozuqalar miqdori 44% ga yetkaziladi. Boʼrdoqilashning 3 davrida oʼrtacha kunlik oʼsish 1000 gramni tashkil qiladi. Mollarga beriladigan ozuqalar yaxshilab maydalanadi, aralashtiriladi, osh tuzi va mineral tuzlar qoʼshilib omuxta holida beriladi. Ratsionda kontsentrat ozuqalar 56 % ga koʼtariladi, shirali ozuqalar 27 %, paxta sheluxasi 17 % ni tashkil etib, oʼrtacha 13,5 kilogramm ozuqa birligiga yetkaziladi.
Dehqon va shaxsiy yordamchi xoʼjaliklarda mollarni boʼrdoqilashda yengil tipdagi binolar va ayvon, bostirmalarda foydalanish hamda oziqlantirishda esa somon, pichan, paxta sheluxasi, shrot, kepak, oziq-ovqat sanoati , poliz va sabzavot ekinlari chiqindilaridan foydalanib amalga oshirish maqsadga muvofiq.
Dagʼal ozuqalarni toʼyimliligini oshirish uchun 3-4 sm uzunlikda maydalanadi, pivo va vino bardasi yoki kepak atalasi qoʼshib uvitiladi. 100 kg somonga 100-120 litr 1 % li tuzli suv qoʼshilib, har bir bosh qoramolga 80-100 grammdan mochevina qoʼshib beriladi. Bunday usulda tayyorlangan ozuqa qoramollar oshqozonida tez hazm boʼladi va toʼyimliligi oshadi.

 

 

Maqola мuallifi
O`tkir Soatov
TDAU Umumiy zootexniya va
veterinariya kafedrasi professori
qishloq xo`jaligi fanlari doktori
(Maqolani yuklab olish)


06.01.2023 | 3212