Toklarni kesishning ahamiyati, muddatlari, texnikasi va usullariToklarni kesishning ahamiyati, muddatlari, texnikasi va usullari

Toklarni kesishning ahamiyati, muddatlari, texnikasi va usullariToklarni kesishning ahamiyati, muddatlari, texnikasi va usullari

Uzumchilikda toklarni kesish asosiy agrotexnik tadbirlardan biri hisoblanadi. Ushbu tadbir har yili o‘tkazilishi hisobiga tok ekinidan uzoq muddatli va muttasil hosil yetishtiriladi.  

 Tok o‘tkazilgandan keyingi dastlabki yillarda bir yillik novdalar kesib, muayyan tup uchun qabul qilingan shakl hosil qilinadi, so‘ngra keyingi yillarda, bir yillik novdalarni kesib tashlab va qisqartirib, shuningdek keraksiz ko‘p yillik shoxlarni kesib tashlab, bu shakl tok tupining butun hayoti davomida saqlanadi. Kesish tok tupining yer ustki qismi bilan uning ildiz tizimi o‘rtasida to‘g‘ri nisbat bo‘lishini ta’minlaydi. Kesishda tok tupida ma’lum miqdorda kurtak qoldirib, hosil berishi va o‘sish darajasi tartibga solinadi. Tokni kesish - tokni parvarish qilishni, ko‘mish, bog‘lash, homtok qilish kabilarni osonlashtiradi, shuningdek hosildorlikni kamaytirmagan holda uni asta-sekin yoshartirish imkonini beradi. Bundan tashqari tok kesish tokdagi qutblikka qarshi kurash, tokning vegetativ va generativ qismlarining o‘sish kuchini tartibga solishga hamda vegetativ organlari va hosil beruvchi organlarning ma’lum oraliqda yoyilishi hamda joylashishiga yordam beradi.

Tokdagi qutblilik hodisasi tupning yuqori qismlarida joylashgan qismlarning kuchli o‘sishga intilishida namoyon bo‘ladi. Tokdagi qutblilikka qarshi kurashning bir qancha usullari mavjud bo‘lib, ya’ni novdalarni kalta kesish, meva novdalarini gorizontal holda bog‘lash yoki ularni yoy holida egish, o‘rinbosar bo‘toqlar hosil qilish va burchak hamda yashirin kurtaklarning rivojlanishini tezlashtirish kabilardan iboratdir.

Hosil berish uchun novdalarni kalta qoldirib kesish eng qadimgi oddiy usuldir. U tok tuplariga kamroq kurtak qoldirib shakl berishda va tok issiqxonalarda o‘stirilganda qo‘llaniladi.

Toklarda qutblikka qarshi kurashning eng samarali usuli ularni o‘rinbosar bo‘toq qoldirib kesish hisoblanadi. Ular kalta (ikki-uchta kurtak qoldirib) kesiladi va meva novdasidan pastda qoldiriladi hamda ular bilan birga hosil beruvchi madangli zang hosil qilinadi.

Tokdagi qutblikka qarshi kurashning to‘rtinchi usuli uzun qari zanglar asosidagi yashirin kurtaklarning rivojlanishini tezlashtirishdan iborat.

Toklarni kesish muddatlari, texnikasi va usullari. Tokning hayotida yoshining uchta asosiy davri bor: vegetativ massa to‘planishi, to‘liq hosil berishi, hayot faoliyatining asta-sekin so‘nishi kabilar.

Shu davrlarga muvofiq ravishda tok kesishning vazifalari ham o‘zgarib boradi. Masalan, yoshlik davrida tok tupini tashkil qilish uchun kesiladi, hosil berish davrida yuqori va sifatli hosil olish uchun kesiladi va tabiiy qarish davrida yoshartirish uchun kesiladi.O‘zbekiston sharoitida ko‘miladigan toklar bir yillik novdalari pishib, ko‘mishdan oldin kuzda kesiladi, ko‘milmaydigan toklar esa erta bahorda shira harakati boshlanishidan oldin kesiladi. Turli navlarning hosil bershidagi hususiyatlarini, shuningdek joyning tabiiy sharoitini va agrotexnika darajasini hisobga olib, novdlar kalta, o‘rtacha uzun va uzun kesiladi. Kalta kesishda 2-4 tagacha, o‘rtacha kesishda 8-10 ta, uzun kesishda esa 15-20 tagacha kurtak qoldiriladi.Kesish uzunligini belgilashda tupdagi kurtaklarning umumiy soni, shuningdek tokdan olinadigan va mo‘ljallangan hosil hisobga olinadiTuplarning kurtak yuki deganda, kesishda tup va gektar hisobiga qoldiriladigan kurtaklarning umumiy soni, novda yuki deganda ortiqcha yashil (xom) novdalar olib tashlangandan keyin tup va gektar hisobiga qoldirilgan novdalarning o‘rtacha soni tushuniladi. Kesish vaqtida novdalarni olib tashlashda meva beradigan novdalar qancha ko‘p qoldirilsa uzumdan shuncha ko‘p hosil olishga katta imkoniyat tug‘iladi.Tupdagi novdalarni kalta va uzun kesib, tup va gektar hisobiga aniq miqdorda kurtak qoldirish mumkin, ya’ni kalta kesilganda novdalar ko‘p, uzun kesilganda esa kam qoldiriladi. Ammo, O‘zbekiston sharoitida tuplarga katta va yirik o‘lchamlarda shakl berilganda, novdalarni faqat uzun va o‘rtacha kesib bunday yukka erishish mumkin. Faqat o‘rinbosar bo‘toqlargina kalta kesiladi.

Rejalashtirilgan hosilga qarab tok tuplarida yuk (ko‘z) qoldirish. Tadqiqotlar va ishlab chiqarish tajribasidan shu narsa aniqlandiki, gektaridan 200-300 s dan hosil olish uchun vinobop navlarning har gektari hisobiga 300-350 mingtagacha va mahalliy xo‘raki hamda kishmish navlarda 400-500 mingtagacha kurtak bo‘lishi zarur.

Toklar o‘tkir tok qaychisi (sekator) va bog‘ arra yordamida kesiladi. Kesayotganda tok qaychining pichog‘i novdaning qoldirilayotgan tomonida turishi, chap qo‘l esa novdaning olib tashlanayotgan qismini ushlab, bir oz zanglar, quruq kundalar arralab tashlanadi. Kesilgan joy bog‘ pichog‘i yoki tok qaychi bilan tozalanadi.

O‘rinbosar bo‘toqlar ikki-uchta kurtak qoldirib kesiladi, ular tegishli hosil beruvchi madangdan pastda bo‘lishi lozim. Kuchli o‘sadigan navlar va tuplarda ikkita meva novdasiga bitta bo‘toq qoldiriladi. Meva novdasiga, o‘tgan yilgi o‘rinbosar bo‘toqda rivojlangan novdalardan tashqari, o‘tgan yilgi hosil novdalaridan o‘sib chiqqan yangi novda qoldirish mumkin. Zangning yuqorisida joylashgan novdalarni uzun kesish kerak, chunki hosil berib bo‘lganidan keyin ular butunlay kesib tashlanadi.

Tok tuplariga yelpig‘ichsimon shakl berishda va soyabonsiz vertikal so‘rida o‘stirilgan uch yillik tuplarni kesishda har bir asosiy zangda to‘rt-beshta hosil novda hamda ikki-to‘rtta o‘rinbosar novda qoldiriladi. To‘rt yillik tuplarni kuzda kesishda har bir asosiy zangda hosil novdalar soni oltitagacha, o‘rinbosar novdalar soni esa uch - to‘rttagacha oshiriladi. Qoldirilgan hosil novdalarini, iloji boricha o‘rinbosar novdalar bilan navbatlash kerak. Zang va hosil novdalarni bahorda bog‘lash vaqtida so‘riga yelpig‘ich shaklida bir tekis tarash lozim.  Zanglar asta-sekin kesib tashlanishi tufayli hosil novdalarini borgan sari tupning asosidan yuqorida qoldirishga to‘g‘ri keladi va shu tariqa ular tupidan oshib ketishi mumkin. Zanglarni hadeb kesib tashlashning oldini olish uchun, ularni vaqti-vaqti 

bilan yoshartirib turish kerak. Buning uchun tok tupining asosida yangilash uchun novdalar qoldiriladi, ulardan esa eski zanglar o‘rniga asta-sekin yangilari shakllanadi.

Kesish qoidasi Rizamat Musamuxamedov tavsiya qilgan sxema asosida bajariladi.

Asosiy zangni o‘z vaqtida almashtirish uchun tupning asosida rivojlanayotgan novdalar tayyorlanadi. Ular dastlab bir-ikkita kurtak qoldirib kesiladi. Kelgusi yili eng kuchli novdalar 10-12 ta kurtak qoldirib birinchi simgacha kesiladi. Ulardan yangi zang to‘liq hosil bo‘lgandan keyin eski novda tup asosidan arralab tashlanadi.
Tokning yashil qismlari bilan olib boriladigan ishlar tokka bevosita ta’sir ko‘rsatish usuli hisoblanadi. Bu ishlar bahor-yoz vaqtida, hayot faoliyati jadallashgan davrda bajariladi va tupning o‘sishi, oziqlanishi hamda hosil berishga, uning ayrim qismlariga oziq moddalarning taqsimlanishiga va boshqa fiziologik holatlarga ta’sir etib, tartibga soladi.

 

 

 

Maqola muallifi
Sobir Sanayev
Fermerlar maktabi Samarqand hududiy markazi

“Uzumchilik” moduli o‘qituvchisi

(Maqolani yuklab olish)

 

 

 

 


05.12.2023 | 2417