To‘qsonbosti sabzavot ekinlarini yetishtirish xususiyati

To‘qsonbosti sabzavot ekinlarini yetishtirish xususiyati

Sabzavotchilikda kech kuzgi ekish muddatini mirishkor dehqonlarimiz “to‘qsonbosti” ekin deb atab kelgan, chunki bu ekinni urug‘i yerga sepilgandan so‘ng qishning to‘qson kunlik sovuqli kunlari bosti degan ma’noni anglatgan. To‘qsonbosti uslubida ekilgan sabzavot ekinlari urug‘lari erta ko‘klamda yerdan juda barvaqt unib chiqib, tez rivojlanishi hisobiga erta hosil beradi. Kech kuzda sovuq va namgarchilik boshlanmasdan oldin to‘qsonbosti usulida ekish uchun noyabr oyining oxiri dekabr oyining birinchi dekadasida sovuqqa chidamli sabzavot ekinlaridan sabzi, piyoz, osh lavlagi, karam, ko‘kat sabzavotlar (ismaloq, ukrop, petrushka, selderey, kashnich, salat) ekinlarining urug‘lari sepiladi.To‘qsonbosti qilib sepiladigan sabzavot ekinlari urug‘ sarfi me’yori 20% gacha ko‘p bo‘ladi. Ma’lumki lalmi va suv tanqis maydonlarda ham to‘qsonbosti ekish muddatida sabzavot ekinlarini ekib yaxshi iqtisodiy samaraga ega bo‘lish mumkin.
Respublikamizning ob-havo va tuproq sharoitiga qarab har bir viloyat uchun rayonlashtirilgan, mo‘l hosilli, sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, zararkunanda va kasalliklarga chidamli, to‘qsonbosti ekish muddati uchun mos navlarni to‘g‘ri tanlash lozim. Bunda ushbu ekinlarning erkaklab ketmaydigan ya’ni o‘zak, gulpoya hosil bo‘lmaydigan navlarini ekish maqsadga muvofiq.
To‘qsonbosti ekish muddatida piyozni mahalliy Istiqbol va Zafar, xorijning Manas, Daytona, Leone, Banko navlarini ekish maqsadga muvofiq. Sabzining ildizmevasi qizil rangli, mahalliy Ziynatli va Farovon, xorijning Shantane 2461, Kuroda Shantane, Nantskaya 4, Kanada, Karson kabi nav va duragaylarini, osh lavlagini mahalliy Diyor va Yagona xorijning Bordo 237, Bikores, Boro F1, Detroyt, Pablo F1 duragaylarini, oq bosh karamning Buxarest F1, Vestri F1, Lion F1 duragaylarini, gul karamning Kashmer F1, Barselona F1, Talassa F1 kabi duragaylarini, brokkolining Agassi F1, Geraklion F1, Naksos F1, Maraton F1 duragaylarini ekish tavsiya etiladi.

Ko‘kat sabzavotlar yuqori hosildorligi, tezpisharligi, issiqqa kam talabchanligi, tuproqga, namga va oziq moddalarga ko‘p talabchanligi bilan boshqa sabzavotlardan ajralib turadi. Ulardan salat o‘simligini mahalliy Ko‘k shox va xorijning Fiorett, Konkord F1, Lagunas F1, Levistro F1, Saula F1 nav namunalari, ismaloqni Nafis navi, ukropning mahalliy Uzbekskiy 243, Orom va xorijning Anet navlari, kashnichning Orzu va Yantar navlari, petrushkaning Nilufar, Saxarnaya va Novas navlari va rukkolaning xorijdan keltirilgan Gratsiya, Poker duragaylarini ekilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Bu muddatda sepilgan sabzavot ekinlarining urug‘lari qish mavsumida unmaydi, qishki yog‘ingarchiliklar natijasida urug‘lar tuproqdagi namlikka to‘yinadi va havo harorati 4-5 0C bo‘lganda ko‘klamda barvaqt begona o‘tlar urug‘laridan oldin yer nami bilan unib chiqa boshlaydi. Sabzavot urug‘lari ekilgan egatlar ustidan chirigan mahalliy o‘g‘itlar yoki daraxt qipiqlari bilan mulchalash yoki polietilen plyonkalarini yopish tadbirlarini qo‘llash ekilgan sabzavot urug‘larini erta ko‘klamda barvaqt unib chiqib, jadal o‘sib rivojlanishi hisobiga erta bahorda ekishga qaraganda hosil yetilishi 25-30 kungacha ertaroq, hosildorligi esa 15-20 foizga ortiqroq bo‘ladi. Harorat 18-20 0C bo‘lganda to‘liq unadi, kuzda ekilgan sabzi, piyoz va lavlagining barglari ko‘klamda ekilganiga qaraganda 1,5-2 baravar katta bo‘lib, hosil 25-30 kun erta yetiladi hamda hosildorligi gektaridan 14-15% gacha yuqori bo‘ladi. Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, to‘qsonbosti sabzavot ekish yerdan unumli foydalanish, yuqori iqtisodiy samaraga erishish va aholiga erta, yangi mahsulot yetishtirish garovidir.

Maqola muallifi
Salohiddin Yunusov
Qishloq xo’jalik fanlari doktori, professor
Fermerlar maktabi Toshkent hududiy markazi
“Issiqxona xo'jaligi" moduli o’qituvchisi
(Maqolani yuklab olish)


30.11.2022 | 3397