To‘qsonbosti usulda sabzi yetishtirish

To‘qsonbosti usulda sabzi yetishtirish

Jahonda sodir bo‘layotgan globallashuv jarayoni, iqtisodiy inqirozlar, yuqumli kasalliklar va siyosiy notinchliklar oziq-ovqat mahsulotlarining narxlarini uzluksiz ko‘tarilib borishiga sabab bo‘lmoqda. Shunday ekan respublikamizda ham oziq-ovqat havfsizligi masalasi dolzarb bo‘lib, aholining sabzavot va poliz mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘laqonli ta’minlash, yerdan samarali foydalanish orqali ko‘proq mahsulot yetishtirish tizimini yaratish eng ustuvor masalalardan biri hisoblanadi.
Sabzavotlardan yuqori sifatli hosil olish uchun esa har bir ekinning biologik xususiyatlarini, ularning o‘suv davrida ozuqaga bo‘lgan talablarini, maqbul ekish muddatlarini aniq bilish va yetishtirish jarayonidagi har bir tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli o‘tkazilishini ta’minlash talab etiladi. Respublikamizning iqlim-sharoitidan kelib chiqqan holda ekin turlarini to’g‘ri tanlansa yil davomida ham ochiq dalada sabzavot yetishtirish imkoniyatlari mavjud.
To‘qsonbosti uslubida ekilgan sabzavot ekinlarining urug‘lari erta ko‘klamda yerdan juda barvaqt unib chiqishi, tez rivojlanishi hisobiga erta hosil beradi.
Sabzavot urug‘lari ekilgan egatlar ustidan chirigan mahalliy o‘g‘itlar yoki daraxt qipiqlari bilan mulchalash yoki shaffof polietilen plyonkalarini yopish tadbirlarini qo‘llash ekilgan sabzavot urug‘larini erta ko‘klamda barvaqt unib chiqib, jadal o‘sib rivojlanishi hisobiga erta bahorda ekishga qaraganda hosil etilishi 25-30 kungacha ertaroq, hosildorligi esa 15-20% ga ortiqroq bo‘ladi.
Kech kuzda sovuq va namgarchilik boshlanmasdan oldin to‘qsonbosti usulida ekish uchun noyabr oyining oxiri dekabr oyining birinchi dekadasida sovuqqa chidamli sabzavot ekinlaridan sabzi, piyoz, osh lavlagi, ko‘kat sabzavotlar (ismaloq, ukrop, petrushka, selderey, kashnich, salat) ekinlarining urug‘lari sepiladi. To‘qsonbosti qilib sepiladigan sabzavot urug‘lar sarfi 20% gacha ko‘proq bo‘lishi kerak.
Bu muddatda sepilgan sabzavot ekinlarining urug‘lari qish mavsumida unmaydi, qishki yog‘ingarchiliklar natijasida urug‘lar tuproqdagi namlikka to‘yinadi va havo harorati 4-5°C bo‘lganda ko‘klamda barvaqt begona o‘tlar urug‘laridan oldin yer nami bilan unib chiqa boshlaydi. Havo harorati 18-0°С bo‘lganda to‘liq unadi, kuzda ekilgan sabzi, piyoz va lavlagining barglari ko‘klamda ekilganiga qaraganda 1,5-2 baravar katta bo‘lib, hosil 25-30 kun oldin yetiladi hamda hosildorligi gektaridan 14-15% gacha yuqori bo‘ladi. Bunda ushbu ekinlarning erkaklab ketmaydigan navlarini ekish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
2011-2012 yillar davomida O‘simlikshunoslik ITI, hozirgi O‘simliklar Genetik resurslari ITI da o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida G‘arb (ssp. occidentalis) kenjaturiga mansub Shantane, Nantskaya 4 navlari Sharq (ssp. orintalis) kenjaturiga mansub mahalliy navlarga nisbatan to‘qsonbosti usulda ekishga ko‘proq yaroqli ekanligi aniqlangan (1-diagramma).
Sabzini to‘qsonbosti usulda asosan ildizmevasi qizil rangli mahalliy Ziynatli, Farovon yoki xorijning Shantane 2461, Kuroda Shantane, Nantskaya 4, Kanada va Karson kabi nav va duragaylarini ekish tavsiya etiladi.
To‘qsonbosti usulda ekilgan sabzining o‘suv davri 90-110 kun bo‘lib, hosil pishish davri agarda plyonka bilan qoplangan bo‘lsa – aprel oyida yoki ochiq maydonda yetishtirilgan bo‘lsa – may oyga to‘g‘ri keladi.
Ekish muddati. Respublika hududlarning tuproq-iqlim sharoitini inobatga olgan holda sabzi urug‘ini to‘qsonbosti usulida:
janubiy viloyatlarda 1-30 dekabrda, markaziy viloyatlarda 15 noyabr – 15 dekabr, shimoliy viloyatlarda 1 noyabr – 1 dekabr kunlari ekishni tavsiya qilinadi.

Urug‘ sarfi va ekish sxemasi. Urug‘ sarfi gektariga 5-6 kg ni tashkil etib, sabzi urug‘lari SKON-4,2, SMM-4 rusumli seyalkalar bilan 1,5-2 sm chuqurlikka 52×8 va 62×8 sm sxemada yoki qo‘lda sochib ekiladi.
Parvarishlash. Sabzi urug‘lari bahorda unib chiqishi bilan darhol begona o‘tlardan 2 marta o‘taladi hamda yaganalanadi. Dastlabki o‘tash sabzi bitta chinbarg chiqarganda, keyingisi esa 3-4 barg chiqarganda o‘tkaziladi. Har o‘toq davomida yagana ham qilib boriladi.
Begona o‘tlarni yo‘qotish uchun gerbitsidlardan foydalaniladi. Bir yillik o‘tlarga qarshi, ekishdan oldin gektariga Gezagard-50 yoki Prometrin preparatini har gektariga 2-3 kgdan begona o‘tlar urug‘i yerdan ungunga qadar yoki 1-2 chinbarg chiqargan vaqtda; Fyuzilad Super 12,5% preparatini gektariga 1-2 kg hisobidan begona o‘tlar urug‘i 2-4 ta barg chiqargan vaqtida purkaladi. Shuningdek, sabzi ikkinchi marta yagana qilinib, o‘tdan tozalangandan keyin qator oralari traktor kultivatorida yumshatiladi.
O‘g‘itlash. Sabzining gektaridan 30 tonnagacha hosil olish uchun yuqori unumdor maydonlarda sof holda 175 kg azot, 130 kg fosfor, 80 kg kaliy, o‘rtacha unumdor tuproqlarda 220 kg azot, 160 kg fosfor va 100 kg kaliy, past unumdor tuproqlarda 250 kg azot, 200 kg fosfor va 120 kg kaliy berilishi lozim.
Sug‘orish. Sabzi yetishtirishda tuproqning to‘yingan dala nam sig‘imiga nisbatan sug‘orishdan oldingi tuproq namligi 70-75% bo‘lishi kerak.
Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Ko‘p yillik begona o‘tlarga qarshi kuzda Galomeks 104 g/l em.k. preparati solinadi. Bir yillik o‘tlarga qarshi ekishdan oldin 50% li Gezagard preparatini 200-300g, begona o‘tlar urug‘i yerdan o‘ngunga qadar yoki 1-2 chinbarg chiqargan vaqtda, 33% li Stomp 100-200 ml yoki 12,5% li Fyuzilad Super preparatining 100-200g ni purkash tavsiya qilinadi.

Maqola muallifi
Maxfurat Amanova
Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor
Fermerlar maktabi Toshkent hududiy markazi
“Sabzavotchilik va polizchilik” moduli o‘qituvchisi
(Maqolani yuklab olish)


23.12.2022 | 3147