Tuxum yo‘nalishidagi tovuqlarni oziqlantirish hamda parvarishlash

Respublikamizda tuxum yo‘nalishidagi parrandalarning hozirgi kunda eng zamonaviy yuqori mahsuldor krosslaridan Lomann, Loman Braunni klassik, Loman LSL, Leggorn, Loman Braun vayt krosslari parvarishlanmoqda. Ular bir yilda uy sharoitida 300 donagacha, sanoat parrandachiligida 350 donagacha tuxum beradi.
Loman Braun tuxum yo‘nalishidagi mashhur tovuq zotidir. Uning klassik va vayt turlari mavjud. Jahon bozorida sarmahsulliligi, tuxumning ranggi va tashqi qobig‘ining qattiqligi bilan ajralib turadi. 140-150 kunlik yoshda makiyonchalarning 50% tuxum bera boshlaydi. Eng yuqori mahsuldorligi 92-94% ni tashkil etadi. Bir yilda 302-304 (ba’zan 315-320) ta tuxum beradi, tuxumining vazni 63,5-64,5 g. Vazni 20 haftada 1,6-1,7 kg, tuxum berish davrining oxirida 1,9-2,1 kg bo‘ladi.
Loman Braunni klassik ixcham ko‘rinishdagi, keng ko‘krakli va kuchli sariq oyoqlarga ega. Tanasi yaltiroq va zich tortilib turadi. Loman Braun katta vaznli bo‘lmagan klassik zot. Katta xo‘rozlarning og‘irligi maksimal 3 kilogramm, tovuqlari esa 2 kilogramm atrofida. Tovuqlarning ranggi jigarrang, dumlarning uchida oq mayda patlari bor, xo‘rozlari esa quyuq qora dog‘li jigarrangda bo‘ladi.
Loman Braun vayt ko‘rkamligi jihatdan Loman Braun klassikka o‘xshaydi. Ularning asosiy farqi patlarining va tuxum qobig‘ining ranggidadir. Loman Braun xo‘rozlari ham oq rangda bo‘ladi.
Loman LSL tuxum yo‘nalishidagi tovuq zotidir. Uning klassik va vayt turlari mavjud. Ularning orasidagi farq: vayt tuxum turiga nisbatan ko‘proq, ammo kichikroq tuxum beradi. Loman Braundan uncha farq qilmaydi. Patlari va tuxumining ranggi oq. Parvarishlash tannarxi arzon. Kataklarda boqishga moslashgan bo‘lsa-da, uni yerda va qattiq to‘shamali polda ham boqish mumkin. Bir yil davomida 341-346 ta tuxum beradi, tuxumining vazni 61,5-63 g.
Leggorn tovuqlari serpusht zotdir. Bu zot AQSh va Italiyadan olib kelingan. Mahalliy yengil vaznli tovuqlarni (pati oq, qizg‘ish va qora tusda) tanlash va naslchilik ishlarining boshqa usullari qo‘llanilishi natijasida vujudga kelgan. Leggorn zot tovuqlari dunyoning turli joylarda ko‘p tarqalgan. Bu zot tovuqlarining mahsuldorligi quyidagi ko‘rsatkichlarga ega: serpushtliligi yil mobaynida 200-240 dona tuxum, tuxumining o‘rtacha vazni 56-62 g. Yetuk tovuqlar vazni 1,8 kg, xo‘rozlarining vazni 2,5 kg. Maydonda parvarishlash zichligi - boqish usuli va binodagi mikroiqlimga bog‘liq. Tovuqlarni umumiy 1 m2 maydonda parvarishlash zichligi 6-8 donani tashkil etadi. Tuxum yo‘nalishidagi tovuqlarni kataklarda saqlash yerda boqishga nisbatan katak uskunasining turiga qarab bir necha barobar ko‘p parrandalar boqish imkonini beradi. Bunday parvarishlash vaqtni, ozuqa sarfini tejaydi va tuxum sifatini yaxshilaydi. Tovuqlarni suv bilan ta’minlashda nipellik suv ichish tizimidan foydalanish, qimmatli veterinariya preparatlarini suv bilan birga ichirish imkonini beradi va ularning behuda sarf bo‘lishga yo‘l qo‘yilmaydi. Kataklarda saqlaganda tovuqlarni oziqlantirish vaqtida ozuqa yo‘qotilishi keskin kamayadi. Parrandaning o‘z go‘nggi bilan kontakti bo‘lmasligi sababli yuqumli kasalliklarning tarqalish xavfi oldi olinadi.
Tovuqlarni oziqlantirish. Sifatli ozuqalardan tayyorlanib, to‘yimliligi me’yorlar bo‘yicha muvozanatlashtirilgan ozuqalardan foydalanmasdan, tovuqlarning yuqori mahsuldorligiga va iqtisodiy samaradorlikka erishib bo‘lmaydi. Tovuqlar ratsionida energiyaning asosiy manbai bo‘lib donli ozuqalar (makkajo‘xori, bug‘doy, oqjo‘xori, arpa, suli), soya, paxta va kungaboqar shroti, omuxta yem, o‘simlik yog‘lari va boshqalar hisoblanadi. Tovuqlarning yuqori irsiy imkoniyati mahsuldorligiga qat’iy muvozanatlashtirilgan ozuqa yem orqali erishish mumkin. Quyida tuxum berayotgan tovuqlarning oziqlantirish retsepti keltiriladi.
Ozuqa tarkibi | Tovuqlar yoshi | |||
17 hafta ( mahsuldorlik 5% gacha ) |
18-45 hafta (mahsuldorlik 5% dan yuqori ) |
45-65 hafta | 66 hafta va undan yuqori |
|
Bug’doy uni | 38 | 40 | 40 | 38 |
Makkajo’xori doni | 20 | 20 | 20 | 15 |
Soya shroti | 15 | 15 | 10 | 8 |
Kungaboqar shroti | 12 | 14 | 14 | 16 |
O’simlik yog’i | 3 | 3 | 2,4 | 2,2 |
Lizin | 0,12 | 0,16 | 0,15 | 0,1 |
Metionin | 0,14 | 0,18 | 0,15 | 0,15 |
Ozuqa ohagi | ||||
Trikalsiy fosfat | 1,5 | 1,5 | 1,5 | 1 |
Osh tuzi | 0,3 | 0,3 | 0,3 | 0,3 |
Choy sodasi | 0,1 | 0,1 | 0,1 | 0,1 |
Premiks | 0,1 | 0,1 | 0,1 | 0,1 |
Tuxumning vazni ozuqaning tarkibi va ozuqa berish oralig‘iga bog‘liq bo‘lib, ozuqalarni yetarli miqdorda berish tuxum hajmining oshishiga olib keladi. Tovuqlarga ozuqalar yoshiga qarab quyidagi jadvalda ko‘rsatilgan me’yorlarda berish maqsadga muvofiq.
Yoshi (hafta) | Oziqa ist'emoli (gramm) | Yoshi (hafta) | Oziqa ist'emoli (gramm) |
18 | 82 | 26 | 112 |
19 | 92 | 27 | 114 |
20 | 98 | 28-40 | 115 |
21 | 100 | 41-50 | 114 |
22 | 104 | 51-61 | 113 |
23 | 106 | 62-72 | 112 |
24 | 108 | 73-80 | 111 |
25 | 110 | - | - |
Tovuqlarni kunlik nazorati. Har kungi nazoratni o‘tkazishda quyidagilarga alohida e’tibor qaratish talab etiladi:
– parrandalarning umumiy holati;
– tovuqxona harorati;
– ozuqa va suv iste’molini kuzatib borish (kun davomida 2 marta);
– yorug‘lik;
– parrandalarning harakatchanligi;
– parrandalarning go‘nggini holati.
Suv bilan ta’minlash. Parrandalardan yuqori mahsulot olishda nafaqat yuqori sifatli va to‘yimli muvozanatlashtirilgan ozuqalar kerak bo‘ladi, balki toza ichimlik suvi ham katta ahamiyatga ega. Tovuklar o‘rtacha bir sutkada 200-250 ml suv ist’emol qilishi maqsadga muofiq bo‘ladi.
Maqola muallifi
Azamat Esanov Qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Fermerlar maktabi O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari
“Parrandachilik” moduli o‘qituvchisi
(Maqolani yuklab olish)
25.11.2022 | 5981